Maktab pedagoglariga 2025-2026 oʻquv yili uchun mehnat taʼtili berish tartibi belgilandi

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan 2026-yil uchun respublika byudjeti doirasida maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlariga yillik asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtili berish tartibi belgilandi. Bu haqida Taʼlim nazorati Telegram-kanali xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, 2025-2026 oʻquv yili uchun umumtaʼlim muassasalarida dars jarayonlari yakunlanayotganligi munosabati bilan ularda faoliyat yuritayotgan xodimlar Mehnat kodeksiga muvofiq yillik asosiy mehnat taʼtiliga chiqariladi.

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyundagi 263-son qarori bilan pedagog xodimlar uchun hamda 2026-2028-yillar uchun moʻljallangan Tarmoq jamoa kelishuvida texnik, xizmat koʻrsatuvchi va yordamchi xodimlar uchun yillik uzaytirilgan mehnat taʼtili davomiyligi meʼyorlari tasdiqlangan.

Ushbu koʻrsatma xatida xodimlarga har yili asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtillar berilishini xarajatlar smetasida rejalashtirilgan mablagʻlarga mutanosib ravishda reja-jadval asosida (navbat bilan) amalga oshirish belgilangan. Shuningdek, asosiy va qoʻshimcha taʼtillar umumiy davomiyligi 56 kundan oshmasligi kerakligi keltirilgan.