Xitoy kompaniyasi Buxoro viloyatida “yashil” energiya loyihalariga 125 mln dollar investitsiya kiritmoqchi

Oʻzbekistonning Bosh konsulxonasida Xitoyning “Soltenia Technology Introduction” (STI) kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muzokaralar markazida Oʻzbekistonda “yashil” energiya ishlab chiqarish va energiya saqlash tizimlarini yaratish masalalari turdi.

STI kompaniyasi Buxoroda integratsiyalashgan issiqlik va fotoelektrik “yashil” energiya tizimini barpo etishga qiziqish bildirdi. Loyiha qiymati 75 million AQSH dollari etib belgilangan. Xitoy tomoni korxonalar va obyektlar uchun qiymati 50 million dollarlik navbatdagi loyihani ham amalga oshirishga tayyor.

    STI kompaniyasi quyosh issiqlik energiyasi va eritilgan tuzlardan foydalangan holda issiqlikni toʻplash texnologiyalari boʻyicha dunyodagi yetakchi tuzilmalardan biri sanaladi. Bu usul energiya samaradorligini oshirish va ishlab chiqarishda uzluksiz ekologik toza manbalardan foydalanish imkonini beradi.

    Ushbu investitsiyaviy tashabbuslar Oʻzbekistonning “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi doirasida hududlarning energetik mustaqilligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.