Sirdaryo viloyati delegatsiyasining Xitoyga safari samarali oʻtmoqda

Shu kunlarda Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi delegatsiya amaliy safar bilan Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib turibdi. Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha safar davomida koʻplab amaliy muloqotlar oʻtkazilib, istiqbolli va samarali hamkorlik kelishuvlariga erishilayotir. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Sirdaryo — Tyanszin: amaliy hamkorlik kengaymoqda

Delegatsiyaning Tyanszin shahri rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan muloqotida hududlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, aniq loyihalarni jadallashtirish va oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

“Sirdaryo – Tyanszin savdo-iqtisodiy va investitsiya forumi” yuqori darajada tashkil etildi. Unda 700 ga yaqin xitoylik tadbirkorlar hamda 50 ga yaqin sirdaryolik ishbilarmonlar ishtirok etib, ularga toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot va yangi kelishuvlar uchun qulay va samarali maydon yaratildi.

Tyanszin yengil sanoat kasbiy-texnologik kolleji bilan mutaxassislar tayyorlash, ilgʻor tajribalarni joriy etish va taʼlimni ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Sanoat va ishlab chiqarish yoʻnalishida bir qator kompaniyalar bilan muzokaralar oʻtkazildi. Jumladan, sport anjomlari, qurilish materiallari, yengil sanoat va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi.

Xitoylik kompaniyalar rahbarlari bilan oʻtkazilgan davra suhbatida Sirdaryo viloyatining investitsiya imkoniyatlari taqdim etildi. Qator kompaniyalar viloyatga kelib, loyihalarni joyida oʻrganishga qiziqish bildirdi.

Sirdaryo delegatsiyasi — Shenchjenda: amaliy kelishuvlar va yangi loyihalar

Shenchjen muzofotida “Sirdaryo – Shenchjen savdo-iqtisodiy va investitsiya forumi” oʻtkazilib, unda Xitoyning 400 dan ortiq kompaniyalari, Sirdaryo viloyati ishbilarmon doirasidan qariyb 50 nafar vakil hamda provinsiya rasmiylari ishtirok etdi. Forum oʻzaro hamkorlikni kengaytirish va yangi loyihalarni ilgari surish uchun muhim platformaga aylandi.

Shuningdek, yetakchi kompaniyalar rahbarlari ishtirokida “Davra suhbati” tashkil etildi. Unda ishlab chiqarish, logistika va innovatsion texnologiyalar sohalarida hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, Fufeng Electronic Technology, Shenzhen Guangsheng Sports, Donghua Electronic Technology, Aimeite Electric, Dongwan Libao Resin, Beiyujun Intelligent Technology, Shenzhen Yuchuan Group, Kaisbo Elevator, Qingyuan Xuerui va Shenzhen Haiduo Logistics kabi kompaniyalar vakillari muloqotda faol ishtirok etib, qoʻshma loyihalar boʻyicha oʻz takliflarini ilgari surdilar.

Yirik sanoat va texnologiya kompaniyalari bilan alohida uchrashuvlar tashkil etildi. Zamonaviy ishlab chiqarish, suv taʼminoti va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha aniq takliflar bildirildi. Ayrim kompaniyalar tomonidan Sirdaryoda amalga oshirish taklif qilingan loyihalarni joyida oʻrganish rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi.

Shu bilan birga elektrotexnika va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Sirdaryo – Gonkong: hududlararo hamkorlik yangi bosqichda

Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning Gonkong maxsus maʼmuriy hududi ijro hokimiyati rahbari Djon Li Kachiu bilan uchrashuvida asosiy eʼtibor hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalariga qaratildi.

Tomonlar savdo-logistika, sanoat, innovatsiyalar, axborot texnologiyalari va turizm sohalarida oʻzaro hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishdi.

Shuningdek, investitsiya kompaniyalari orqali mahalliy hamkorlar bilan birgalikda loyihalarni amalga oshirish, startaplar va sunʼiy intellekt sohasida hamda taʼlim yoʻnalishida hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hududlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Sirdaryo – Honkong: HKGCC bilan amaliy hamkorlik muhokama qilindi

Bugun Erkinjon Turdimov Honkong shahrida Honkong Bosh Savdo Palatasi raisi Agnes Chan xonim bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda Sirdaryo viloyati delegatsiyasi hamda palata rahbariyati oʻrtasida hududlararo iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Maʼlumki qilinganidek, Honkong Bosh Savdo Palatasi (HKGCC) Honkongdagi eng yirik va nufuzli biznes tashkilotlardan biri boʻlib, 1861-yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda u 2000 dan ziyod kompaniya va tashkilotlarni birlashtirgan holda xalqaro savdo, investitsiya va biznes muhitini rivojlantirishda muhim platforma vazifasini bajarmoqda.

Muloqot davomida transport va logistika, turizm, axborot texnologiyalari yoʻnalishlarida amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi.

Shuningdek, Honkong kompaniyalarini Sirdaryo viloyatiga jalb qilish hamda ikki hududning savdo-sanoat palatalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik oʻrnatish taklif etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro manfaatli aloqalarni izchil rivojlantirish va aniq loyihalar asosida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.