Sirdaryoda smart elektronika klasteri barpo etilishi kutilmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshirigʻiga koʻra Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov displey texnologiyalari, LCD va OLED panellari, smart texnika hamda IoT qurilmalari ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda yetakchi boʻlgan Xitoyning HKC Corporation rahbariyati bilan onlayn muzokara oʻtkazdi, deb maʼlum qildi Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Muzokarada elektrotexnika sohasidagi yirik investitsiya loyihasi muhokama qilindi. Investor tomonidan rejalar aniq ekani bildirilib, yaqin bir hafta ichida ishchi guruh Sirdaryoga kelib, birlamchi oʻrganish ishlarini olib borishga kirishishi maʼlum qilindi.

Prezident topshirigʻi doirasida 2026–2030-yillarda Sirdaryoda kompaniya tomonidan 6 ta yirik loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Yaʼni yarim oʻtkazgichli displeylar, smart elektronika va maishiy texnika ishlab chiqarishni qamrab olgan toʻliq sanoat klasteri shakllanadi. Ushbu yirik loyiha natijasida 14 mingta doimiy ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda.