Sirdaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudyasi 3,6 ming dollar pora bilan qoʻlga olindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Sirdaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudyasi E.S. oʻz ish yurituvidagi iqtisodiy ishni kassatsiya instansiyasida Guliston shahrida faoliyat yurituvchi MCHJ foydasiga hal qilish evaziga 3 600 AQSH dollari olganlikda gumonlanib, ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Taʼkidlanishicha, Oliy sud tomonidan sud organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, tizimni bunday kadrlardan tozalash borasida barcha zarur saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.
“Bunda eng avvalo, sudya va xodimlar oʻrtasida nojoʻya va nomunosib xatti-harakatlarning oldini olish, shu bilan birga korrupsiyaga yoʻl qoʻygan sudya va xodimlarni aniqlash hamda ularga nisbatan qatʼiy choralar koʻrishga eʼtibor qaratilmoqda”, deb yozadi Aziz Abidov.