Janubiy Koreya prezidenti ofisida tintuv o'tkazildi

12.12.2024 00:00 Dunyo 4

Yun Sok Yol, Koreya

Janubiy Koreya politsiyasi dekabr oyi boshida harbiy holat e’lon qilgani munosabati bilan prezident Yun Sok Yol administratsiyasida tintuv o‘tkazdi. 

Prezident idorasidan tashqari, Milliy politsiya agentligi, Seul politsiyasi va Milliy Assambleya Xavfsizlik xizmatida ham tintuvlar olib borilgan. Reydlarni Janubiy Koreyada harbiy holat paytida sodir bo‘lgan voqealarni tekshirish uchun tuzilgan maxsus tergov guruhi olib borgan.

10-dekabr kuni Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilinishi ortidan davlatga xiyonatda ayblanayotgan sobiq mudofaa vaziri Kim Yong Hyun qamoqqa olindi. Shuningdek, Milliy politsiya agentligining bosh komissari Cho Ji Xo va Seul shahar politsiyasi boshlig‘i Kim Bon Sik ham sud qarori bilan hibsga olingan.

Prezident Yun Sok Yolga Janubiy Koreyadan chiqish taqiqlangan, u harbiy holat e’lon qilgani uchun tergov ostida. 7-dekabr kuni parlament davlat rahbariga qarshi impichment e’lon qilishga urindi, ammo hukmron partiya a’zolarining ovoz berishni boykot qilishi tufayli urinish muvaffaqiyatsiz tugadi. O‘sha kuni kechqurun parlament binosi oldida 100 000 ga yaqin odam to‘planib, prezidentning iste’fosini talab qildi.

Janubiy Koreyaning eng yirik muxolif kuchi – “Toburo” Demokratik partiyasi Yun Sok Yolga impichment e’lon qilishga intilishini ma’lum qildi. Yangi ovoz berish 14-dekabrda o‘tkazilishi kerak. Impichment uchun 200 ta ovoz kerak, o‘tgan safar beshta ovoz yetishmagandi.