Maktablarda “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlari qachon oʻtkazilishi maʼlum boʻldi

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan 2025-2026 oʻquv yili yakuni munosabati bilan “Yuksak maʼrifatli avlod — Uchinchi Renessans poydevori!” shiori ostida “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlarini tashkil etish belgilandi. Bu haqida Taʼlim-xabarlari Telegram-kanali xabar berdi.

Unda aytilishicha, shu yilning 18-may kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida 2025-2026 oʻquv yilini yakunlash va «Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlarini tashkil etish toʻgʻrisida»gi xati imzolangan.

Vazirlik tavsiyasiga koʻra, tadbirlarni oʻtkazishda oʻquvchilarga yaratilayotgan sharoitlar va ularning erishayotgan yutuqlarini bitiruvchilarga sodda va tushunarli tarzda yetkazish, namunali xulq va aʼlo baholarga oʻqigan oʻquvchilarni ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Shuningdek, oʻquvchilarning ota-onalari “Eng faol ota”, “Jonkuyar ona”, “Masʼuliyatli ota-ona” kabi nominatsiyalar hamda “Minnatdorchilik xat”lari bilan taqdirlanishi belgilangan. Tadbirlarni xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda maktab hovlisidagi soya-salqin va ochiq maydonlarda tashkil etish, oʻquvchilar tomonidan avtotransport vositalarini boshqarish holatlarining oldini olish vazifalari topshirilgan.

Maʼlum qilinishicha, “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlari joriy yilning 25-may kuni ertalab soat 8:00 dan 9:00 gacha oʻtkaziladi. Bundan tashqari, 25-30-may kunlari barcha hududlarda “Xayr bogʻcha — salom maktab!” shiori ostida maktabgacha taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari uchun bayram tadbirlari tashkil etiladi.