Surxondaryo viloyatida Yoshlar parlamenti aʼzolarining talabalar bilan ochiq muloqoti oʻtkazildi

Yoshlar parlamentining faoliyati, yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari hamda qonunchilikdagi soʻnggi yangiliklar yuzasidan fikr almashildi.

Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolarining Termiz davlat universiteti talabalari bilan ochiq muloqoti oʻtkazildi.

Uchrashuvda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida 2026-yilda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan ustuvor islohotlar, shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi asosida ishlab chiqilayotgan Davlat dasturi loyihasi haqida atroflicha fikr yuritildi.

Yoshlar parlamentining faoliyati, yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari hamda qonunchilikdagi soʻnggi yangiliklar yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot davomida talabalar oʻquv amaliyotini turli davlat va nodavlat tashkilotlarida tashkil etish, viloyatning chekka hududlarida chet tillari va sunʼiy intellekt yoʻnalishida oʻquv markazlari ochish, kiberxavfsizlikni mustahkamlash hamda yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha qator takliflarini ilgari surdi.

Uchrashuv yakunida talabalar uchun alohida muloqot platformasini tashkil etish hamda kelgusida Yoshlar parlamenti bilan tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi.