Xalqaro oʻzbek tili olimpiadasi oʻtkaziladi

Kuni kecha qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “Alisher Navoiy nomidagi xalqaro oʻzbek tili olimpiadasini tashkil etish toʻgʻrisida” qarori koʻra mazkur bilimlar bellashuvi xorijiy davlatlarda oʻzbek tilida taʼlim olayotgan oʻquvchilarni ragʻbatlantirish va oʻzbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida oʻtkaziladi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Ulugʻ mutafakkir va shoir bobomiz nomi bilan atalgan xalqaro oʻzbek tili olimpiadasi har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib boriladi.

Xalqaro olimpiada gʻoliblari va sovrindorlari boʻlgan xorijlik oʻquvchilarga respublika oliy taʼlim tashkilotlarining “Filologiya va tillarni oʻqitish: oʻzbek tili” yoʻnalishi boʻyicha davlat granti asosida imtihonsiz oʻqishga qabul qilinish imkoniyati taqdim etiladi.

Mazkur tashabbus dunyo miqyosida oʻzbek tili va adabiyotini keng targʻib qilish, xorijdagi yosh vatandoshlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.