“IT Park”larning xizmatlar eksporti 191 mln dollardan oshdi

2026-yilning yanvar–mart oylarida “IT Park” ishtirokchilarining xizmatlar eksporti hajmi 191,8 mln AQSH dollarini tashkil etdi. Bu haqida Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumot berdi.

Bildirilishicha, mazkur davrda “IT Park” ishtirokchilari tomonidan koʻrsatilgan bozor xizmatlari hajmi 9,4 trln soʻmga yetgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 2,8 trln soʻmga koʻp deganidir.

Shuningdek, “IT Park” ishtirokchilari boʻyicha barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan asosiy kapitalga oʻzlashtirilgan investitsiyalar hajmi 500,5 mlrd soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 348,9 mlrd soʻmga oʻsgan.

Qoʻmita maʼlumotlariga koʻra, shu yilning yanvar–mart oylarida qayd etilgan koʻrsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 38,5 mln AQSH dollariga oshgan.