Uchkoʻprik tumanidagi 2-sonli texnikum oʻquvchisi Davlatjon Muhammadsoliyevning bir paytning oʻzida ham quyoshdan, ham shamoldan elektr hosil qiluvchi kichik stansiya loyihasi ustozlari-yu tengdoshlari tomonidan maʼqullandi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Yosh ixtirochining aytishicha, ushbu ishlanma hozircha sinov jarayonida boʻlib, koʻcha chiroqlari va svetoforlarga ulab koʻrilganda yaxshi natija koʻrsatdi. U yaqin kunlarda mazkur loyihasini aholi xonadonlari hamda koʻp qavatli uylarda ham sinovdan oʻtkazish harakatida.
Eʼtiborlisi, intiluvchan oʻquvchi birga oʻqiyotgan doʻstlari bilan darsdan soʻng aholiga turli elektr-montaj ishlari boʻyicha xizmat koʻrsatib, oyiga oʻrtacha 5-6 million soʻm daromad ham topmoqda.
Fargʻona shahridagi Islom Karimov nomidagi Sanʼat saroyida Fargʻona viloyatida ilk bor oʻtkazilgan “Kasblar festivali” Davlatjon singari yangi avlod vakillari uchun amaliy muloqot maydoniga aylandi. Unda viloyatdagi barcha kasbiy taʼlim tashkilotlari tomonidan tayyorlangan amaliy ishlar va mahsulotlar koʻrgazmasi, “Mexatronika va robototexnika”, “Elektr jihozlari”, “Zamonaviy muhandislik”, “Sartaroshlik va modelyer”, “Qandolatchilik”, “Moda va dizayn”, “Toʻqimachilik mahsulotlari” kabi turli pavilyonlar tashkil etildi.
Shuningdek, tadbir doirasida ish beruvchilar bilan ochiq muloqotlar, startap va innovatsion loyihalar taqdimotlari ham boʻlib oʻtdi.
Festivalda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, texnikum oʻquvchilari bilan suhbatlashdi, ular tomonidan taqdim etilgan startap loyihalar, tashabbuslar, taʼlim muassasalarida yoʻlga qoʻyilgan ishlab chiqarish va innovatsion yoʻnalishlar bilan tanishdi.
Eʼtibor va ragʻbat tufayli keyingi yillarda texnikumlarda oʻqishni istovchi yoshlar safi ortib bormoqda. Bu kelajagimiz vorislariga qisqa muddatda kasb egallash, dual taʼlim asosida muqim ish joyi va daromadga ega boʻlish, xorijda oʻqib-ishlash hamda oliy taʼlimda oʻqish imkonini taqdim etayotir.
— Bizda elektromontyor, qurilish montajchisi, logistika kabi yoʻnalishlarda malakali kadrlar tayyorlanadi, — deydi Margʻilon shahridagi 4-sonli texnikum direktori oʻrinbosari Sayyoraxon Abdurahmonova. — Yaqinda foydalanishga topshirilgan “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasi qurilishida ham oʻquvchilarimiz faol ishtirok etishdi.
Germaniya taʼlim dasturi asosida “Ausbildung” tizimi joriy etilgani nazariy va amaliy bilimlarni uygʻunlashtirgan holda oʻquvchilarimizga ikkinchi va uchinchi bosqichda Germaniyada ham oʻqish, ham ishlashga sharoit yaratyapti.
Aytish joiz, bugungi kunda Fargʻona viloyatida 63 ta kasbiy taʼlim tashkilotida 59 ming nafarga yaqin oʻquvchi yoshlar 161 ta kasb va mutaxassislik boʻyicha taʼlim olmoqda. Dual taʼlim boʻyicha 2184 ta korxona bilan hamkorlikda 11 mingdan ziyod oʻquvchi qamrab olingan. Shuningdek, 6 ta texnikumda 536 nafar oʻquvchi “Pearson” (Buyuk Britaniya), “Askania Bildung” (Germaniya), Saksoniya iqtisodida taʼlim markazi (Germaniya), “Globogate Concept AG” (Shveysariya), “Avestos” (Germaniya) kompaniyalari bilan hamkorlikda xalqaro dasturlar asosida oʻqitilmoqda.