Bagʻdodda umumiy qiymati 43 milliard soʻm boʻlgan koʻprik qurilishiga kirishildi

Bagʻdod tumani hududidan oʻtuvchi “Fargʻona halqa yoʻli”da joylashgan yoʻl oʻtkazgich – koʻprik bundan 50 yil oldin barpo etilgan boʻlib, bugungi kunda zamonaviy transport infratuzilmasi talablariga toʻliq javob bermay qolgan edi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Bu koʻprik Bagʻdod tumanining qariyb 10 ming nafar aholi istiqomat qiluvchi “Muqimiy” va “Bekobod” mahallalari hududini oʻzaro bogʻlab turadi. Uning kengligi 13 metrni tashkil etib, u orqali har kuni oʻrtacha 14-15 mingta transport vositasi harakatlanadi. Bu koʻprikning oʻtkazuvchanlik va harakat xavfsizligi masalasi nechogʻli muhim ekanini namoyon etadi.

Ayni kunlarda koʻprik hududida rekonstruksiya ishlariga kirishildi. Istiqbolli loyiha doirasida uning kengligi 26 metrga yetkazilib, oʻtkazuvchanlik imkoniyati qariyb ikki barobarga oshirilishi rejalashtirilgan. Ezgu maqsad ijobati uchun davlat byudjetidan 43 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.

Qurilish ishlari “Romitan trans yoʻl qurilish” MCHJ tomonidan amalga oshirilib, ushbu jarayonda zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash hamda mavjud infratuzilmani xalqaro andozalar asosida takomillashtirish koʻzda tutilgan.

— Bu yerda qulay va xavfsiz sharoit yaratilishi koʻp yillik orzumiz edi, — deydi “Bekobod” MFYda istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Abdumalik Abdurahmonov. — Shu bois boshlanayotgan xayrli ishdan behad mamnunmiz. Ishonamizki, qurilish ishlaridan soʻng harakat xavfsizligi taʼminlanadi.

Oʻz navbatida hududning transport-logistika salohiyati oshib, mahalla ahlining tadbirkorlik imkoniyatlari yaxshilanadi. Natijada xalqimizning turmush sharoiti yuksalishiga erishiladi.