Ishlab chiqarishga sunʼiy intellektni joriy qilish orqali xarajatni 20 foizgacha qisqartirish, daromadni esa 30 foizga oshirish mumkinligi taʼkidlandi.
Buning uchun startap ekotizimi kerak. Mutasaddilarga xorijdan nufuzli akselerator kompaniyani Fargʻonaga olib kelib, 10 ta yirik mahalliy korxonalarga bogʻlash, bu korxonalar negizida mehnat unumdorligi, tannarx, energiya tejamkorlik boʻyicha pilot loyihalarni boshlash topshirildi. Eng yuqori samara bergan loyihalar boshqa sanoat korxonalarida ham ommalashtiriladi.
Besh yilda yurtimizda elektron tijorat hajmi 20 karra oshdi. Lekin Fargʻonaga buning bor-yoʻgʻi 2,5 foizi toʻgʻri keladi. Elektron tijorat hozirgi surʼatda rivojlansa, kelasi besh yilda 3,5 million kvadrat metrli tijorat omborlari kerak boʻladi.
Fargʻonada kamida 100 ming kvadrat metrli omborxona tashkil qilish, shuning 30 ming kvadrat metrini joriy yil ishga tushirish kerakligi qayd etildi.
Sanoat va hunarmandchilikka ixtisoslashgan 126 ta mahalladagi 10 nafardan tadbirkorni elektron tijorat platformalaridan foydalanishga oʻrgatish topshirildi.