Oliy Majlis huzuridagi Parlament komissiyasi aʼzosi, cenator Malika Kodirxonova, Jamoat fondi vakillari hamda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlaridan iborat ishchi guruh tomonidan Toshkent viloyatining Piskent, Boʻka, Qibray tumanlari va Nurafshon, Olmaliq shaharlarida mavjud ijtimoiy ahamiyatga ega muammolar oʻrganildi.
Oʻrganishlar davomida asosiy eʼtibor “mahalla yettiligi” vakillari bilan bevosita muloqot qilishga qaratildi. Senator mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari bilan uchrashib, har bir mahallaning oʻziga xos muammolarini tahlil qildi. Xususan, aholi bandligini taʼminlash, tomorqalardan unumli foydalanish va “xavfsiz mahalla” tamoyilini joriy etish boʻyicha “yettilik” tizimining imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Shuningdek, muloqot davomida Oliy Majlis Senatining yaqinda boʻlib oʻtgan 14-yalpi majlisida qabul qilingan muhim qonunlarning mazmun-mohiyati mahalliy Kengash deputatlari va keng jamoatchilikka tushuntirildi.
Tahlil natijalari asosida aniqlangan muammolarning manzilli yechimiga qaratilgan maxsus grant tanlovlari eʼlon qilinishi rejalashtirilgan. Mazkur yondashuv davlat mablagʻlarini bevosita xalqni qiynayotgan real muammolar yechimiga yoʻnaltirish va mahallalarda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirishga xizmat qiladi.