Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga xos boʻlgan, oʻzbek pazandachilik sanʼatining durdonasi hisoblangan “Toshkent toʻy oshi” geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Bu haqida Adliya vazirligi xabar berdi.
Tarixiy va etnografik manbalarga koʻra, Toshkent vohasida palov tayyorlash madaniyati asrlar davomida shakllangan. Toʻy oshi — bu shunchaki taom emas, balki kimyo, fizika va biologiya qonuniyatlari mujassam boʻlgan murakkab jarayon boʻlib, asosan tong saharda yarimsfera shaklidagi qalin devorli choʻyan qozonlarda pishiriladi.
Mazkur maqom “Toshkent toʻy oshi” nomi va anʼanaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qiladi hamda mahsulot sifatining davlat meʼyorlariga muvofiqligini kafolatlaydi.
“Toshkent toʻy oshi” — ajdodlar merosi, milliy qadriyatlar va xalq ruhining yorqin ifodasi boʻlib, bugun gastronomik turizmni rivojlantirish hamda milliy brendni xalqaro miqyosda targʻib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Maʼlumot uchun, Geografik koʻrsatkich — mahsulotning muayyan hududga mansubligini va uning oʻziga xos xususiyatlari aynan shu hudud bilan bogʻliqligini tasdiqlovchi intellektual mulk obyektidir.