Joriy yilning 13–14-aprel kunlari Oliy Majlis huzuridagi Parlament komissiyasi aʼzolari tomonidan Jizzax viloyatining qator tumanlaridagi ijtimoiy masalalar “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon ijrosi doirasida kompleks tarzda oʻrganildi.
Oʻrganish jarayonlarida Parlament komissiyasi aʼzolari bilan bir qatorda hududiy jamoat fondi xodimlari ham ishtirok etdi. Joylardagi tizimli muammolar, aholini qiynayotgan dolzarb masalalar hamda davlat organlarining ijtimoiy buyurtmalari atroflicha tahlil qilinib, ijtimoiy ahamiyati yuqori boʻlgan loyihalar aniqlandi hamda ularni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻrganishlarning asosiy maqsadi hududlardagi real ehtiyojlar va dolzarb muammolarni aniqlash hamda ularni hal etish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqishdan iborat boʻlib, shu asosda amaliy samara beruvchi loyihalar aniq mezonlar asosida saralab olindi va kelgusida davlat grantlari orqali qoʻllab-quvvatlanishi belgilandi.
Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa jamoat tuzilmalarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ularni aholini qiynayotgan ijtimoiy muammolarni hal etish jarayoniga keng jalb qilishga alohida eʼtibor qaratildi.
Hududlardagi oʻrganishlar yakuni asosida 2026-yil uchun davlat grantlari tanlovini eʼlon qilish va ushbu tanlov doirasida ijtimoiy ahamiyati yuqori, amaliy natija beruvchi eng muhim va tashabbuskor loyihalarni qoʻllab-quvvatlash belgilab olindi.
Qayd etish joizki, mazkur yondashuv davlat mablagʻlaridan maqsadli, samarali va shaffof foydalanishni taʼminlash, jamiyatda ochiqlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarini ijtimoiy muammolarni hal etish jarayoniga keng jalb qilishga xizmat qiladi.