Senator xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdi

Joriy yilning 13-aprel kuni Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi Baxrom Abdullayev Renessans taʼlim universitetida boʻlib oʻtgan “Oliy taʼlim va mehnat bozori hamkorligini rivojlantirish: yutuqlar, muammolar va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdi.

Xalqaro anjumanda 20 dan ortiq davlatdan 60 nafardan ziyod yetakchi olim va mutaxassislar qatnashdi.

Tadbirda senator soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan oliy taʼlim tizimi va mehnat bozori oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar yuzasidan maʼruza qildi.

Oʻz nutqida u mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, jumladan, taʼlim mazmunini zamonaviy talablar asosida yangilash, innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish, ish beruvchilar bilan oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash hamda kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Qayd etilganidek, yoshlar bandligini taʼminlashda oliy taʼlim tizimi va mehnat bozori oʻrtasidagi samarali hamkorlik hal qiluvchi ahamiyatga ega. Taʼlim muassasalari tomonidan berilayotgan nazariy bilimlar amaliy koʻnikmalar bilan uygʻunlashgan taqdirdagina bitiruvchilar mehnat bozorida raqobatbardosh kadr sifatida shakllanadi.

Taʼkidlanganidek, mazkur konferensiya ishtirokchilar oʻrtasida ilmiy tajriba almashish, yangi yondashuvlarni shakllantirish hamda istiqbolli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydon boʻlib xizmat qildi.