Namangan viloyatiga xizmat safari doirasida Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Odiljon Mamatkarimov bir qator tadbirlarda ishtirok etdi.
Jumladan, Namangan davlat texnika universitetida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Ziyolilar bogʻi”da koʻchat ekish ishlarida bevosita ishtirok etdi.
Tadbir davomida atrof muhitni muhofaza qilish, yashil hududlarni kengaytirish va yoshlar oʻrtasida ekologik madaniyatni shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, bunday tashabbuslar hududlarni obodonlashtirish bilan birga, yosh avlodni tabiatga ehtiyotkorlik va masʼuliyat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, senator tomonidan sayyor qabul tashkil etildi. Unda fuqarolarning murojaatlari tinglanib, ularni qiynayotgan dolzarb masalalar yuzasidan atroflicha muhokama oʻtkazildi.
Murojaatlar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilanib, masalalarni qonuniy hal etish boʻyicha masʼul tashkilotlarga aniq topshiriqlar berildi.