Toshkent-Chinoz yo‘lini rekonstruksiya qilishga CITIC Construction kompaniyasi jalb etilishi mumkin

29.03.2024 00:00 O'zbekiston 5

Xitoyning CITIC Construction kompaniyasi Toshkent-Chinoz yo‘lini rekonstruksiya qilish loyihasiga qiziqish bildirmoqda. Uni ta’mirlash 2022-yil boshida muhokama qilingandi. Kompaniya, shuningdek, O‘zbekistonda pulli yo‘llar qurishni reja qilmoqda.

2p409f17116222742013_b

foto: Transport vazirligi

Xitoyning CITIC Construction kompaniyasi Toshkent-Chinoz avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilishda ishtirok etishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov bilan kompaniya rahbariyati o‘rtasidagi uchrashuvda ma’lum bo‘ldi.

Tomonlar yo‘l qurilishi va rekonstruksiya qilish sohasidagi loyihalarni muhokama qildi.

CITIC Construction kompaniyasi Pungan-Namangan (prezident ushbu loyihani tasdiqlab bo‘lgan) va Toshkent-Chinoz yo‘llarini rekonstruksiya qilishda, shuningdek, zamonaviy yechimlardan foydalangan holda yangi pulli yo‘llar qurishda ishtirok etish istagini bildirgan.

Transport vazirligi rahbari, o‘z navbatida, mazkur yo‘llarni qisqa muddatda xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda qurish, shu bilan birga, qurilish xarajatlarini kamaytirishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Kompaniya loyihalarni o‘rganayotganini va yaqin kunlarda loyiha takliflarini taqdim etishini bildirdi.