Shu yilning 1-3-aprel kunlari Toshkent shahridagi “Oʻzekspomarkaz”da 25-yubiley xalqaro “Oziq-ovqat mahsulotlari va ishlab chiqarish texnologiyalari – UzFood 2026” hamda 26-xalqaro “Qadoqlash. Uskunalar va xomashyolar – OʻzuPACK 2026” koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda.
Mazkur koʻrgazmada Avstriya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus Respublikasi, Bolgariya, Germaniya, Hindiston, Italiya, Qozogʻiston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Qirgʻiziston, Litva, Malayziya, Mongoliya, Niderlandiya, BAA, Polsha, Rossiya, AQSH, Tailand, Turkmaniston, Turkiya, Oʻzbekiston, Fransiya va Chexiya kabi 26 ta davlatdan 500 dan ortiq kompaniya ishtirok etmoqda. Taʼkidlash joizki, Mongoliya bu yilgi koʻrgazmaning yangi ishtirokchisi sifatida qatnashmoqda.
Koʻrgazma doirasida Oʻzbekistonda noyob biznes maydoni boʻlgan “Riteyl-markazi” bu yil yangi — “Tarmoqlar xaridlari markazi” formatida tashkil etilib, oziq-ovqat yetkazib beruvchilar va ulgurji xaridorlar oʻrtasida bevosita muzokaralar oʻtkazish imkonini beradi. Mazkur markaz 1-2-aprel kunlari 2-konferensiya zalida faoliyat olib boradi.
Shuningdek, ishbilarmonlik dasturi doirasida seminarlar, ishtirokchilar tomonidan mahorat darslari, yangi uskunalar taqdimotlari hamda soha tadbirlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Koʻrgazmaning yorqin voqealaridan biri — “AQSH Goʻsht eksporti federatsiyasi” (USMEF) hamda “The Thermoplan UZ” kompaniyasi tomonidan ochiq maydonda goʻsht qovurish boʻyicha mahorat darslari ham boʻlib oʻtadi.
Maʼlumot uchun, ushbu koʻrgazma “Iteca Exhibitions” xalqaro koʻrgazma kompaniyasi va uning hamkori “ICA Euratsia Group” tomonidan tashkil etilmoqda.