Toshkent shahri Yunusobod tumanida joylashgan uylarning birida yongʻin sodir boʻldi. Bu haqda poytaxt Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Bildirilishicha, bugun, 31-mart kuni soat 12:01da Yunusobod tumani, Shivli koʻchasida joylashgan uylarning birida yongʻin sodir boʻlayotganligi toʻgʻrisida shahar FVBBga xabar kelib tushgan.
Shunga koʻra qutqaruv boʻlinmalari soat 12:11 da hodisa joyiga yetib borib, yongʻin soat 12:25 da yongʻin qurshab olingan va soat 12:27 da bartaraf etilgan.
“Yongʻindan tan jarohati olganlar yoʻq”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, hozirda yongʻinning kelib chiqish sababi va yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.