Uch hududda 572 million soʻmlik “svet” va gaz oʻgʻirlandi

Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Boʻstonliq tumani boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.

Unda fuqaro X.O. “Chimgan” MFY hududidagi xonadonida elektr tarmogʻiga hisoblagichdan tashqari ulanib, 283,8 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi fosh qilingan.

Shu kabi yana bir holat, Departamentning Baliqchi tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ham aniqlangan.

Unga koʻra, “Ulugʻnor Mazgilsoy irrigatsiya tizimi boshqarmasi” masʼul shaxslari umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib, 156,3 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani maʼlum boʻlgan.

Bundan tashqari, Departamentning Bagʻdod tumani boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.M. “Ittifoq” MFY hududidagi savdo doʻkonida tijorat maqsadlarida elektr hisoblagichga tashqi taʼsir oʻtkazib 132 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani fosh boʻlgan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.