Toshkentda sunʼiy intellekt etikasi forumi oʻtkaziladi

Oʻzbekistonning YUNESKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi tashabbusi bilan sunʼiy intellekt etikasini takomillashtirish boʻyicha onlayn suhbat tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda yurtimizning YUNESKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari ishtirok etdi.

YUNESKOdan Tadqiqotlar, etika va inklyuziya boʻlimi direktori vazifasini bajaruvchi Dafna Faynxols va Ijtimoiy-gumanitar fanlar sektori boshligʻi Mariagratsiya Skvichcharini qatnashdi.

Muloqot davomida 2026-yil sentyabr oyida Toshkentda sunʼiy intellekt etikasi boʻyicha xalqaro ekspertlar forumini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Ushbu xalqaro forumni Oʻzbekistonda oʻtkazish tashabbusi ilk bor 2025-yil Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan bildirilgan edi.

Tomonlar sunʼiy intellektni rivojlantirish va qoʻllashning texnik va axloqiy jihatlari boʻyicha fikr almashdi. Oʻzbekiston tomoni ushbu yoʻnalishda YUNESKO bilan mazmunli va amaliy yoʻnaltirilgan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar konstruktiv muloqotni davom ettirish, Oʻzbekiston va YUNESKO oʻrtasida sunʼiy intellektni rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.