Toshkent shahrida barqaror iliq bahor ob-havosi kuzatilayotgani, bir necha kundan buyon havo harorati moʻtadil darajada saqlanib turgani inobatga olinib isitish mavsumi bosqichma-bosqich yakunlanadi. Bu haqda poytaxt hokimligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, mavsumni yakunlash toʻgʻrisidagi qaror ob-havo sharoitlarini inobatga olgan holda puxta oʻylab qabul qilingan. Aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida kelgusi bayram kunlari issiqlik taʼminoti saqlab qolinadi.
Havo haroratining ayni damda barqarorlashganini hisobga olib, shahar isitish davrini yakunlash 24-martdan boshlanishi rejalashtirilgan va u bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
“Bunday yondashuv turar joy binolarida haroratning keskin oʻzgarishiga yoʻl qoʻymaydi hamda muhandislik tizimlarining barqaror ishlashini taʼminlaydi”, deyiladi xabarda.
Hokimlik, shuningdek, mavsumni yakunlashga oʻtish kommunal infratuzilmaga tushadigan yuklamani kamaytirishga va resurslardan oqilona foydalanishga xizmat qilishini taʼkidlagan.
Qoʻshimcha qilinishicha, ob-havo sharoiti va issiqlik taʼminoti tizimlarining faoliyati doimiy kuzatib boriladi hamda zarurat tugʻilganda tezkor chora koʻrish uchun shay holat taʼminlanadi.