Toshkent—Xumson yoʻnalishida avtobus qatnovi qayta tiklanadi

Joriy yilning 23-mart kunidan boshlab “Toshshahartransxizmat” AJ tarkibidagi “Toshavtobustrans” MCHJ tomonidan 1226-sonli “Mashinasozlar metrosi (Toshkent) — Chorbogʻ (Xumson qoʻrgʻoni)” avtobus yoʻnalishi harakati qayta yoʻlga qoʻyiladi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, yoʻnalishga “MAN RR3” rusumli turistik avtobuslar biriktiriladi. Ushbu avtobuslar 47 ta oʻrindiqli, shinam va konditsionerlar bilan jihozlangan. Yoʻnalishda yoʻl kira narxi 25000 soʻmni tashkil etadi.

Birinchi qatnov Mashinasozlar metrosi bekatidan har kuni soat 06:00 da boshlanadi. Qatnovlar har 1,5 soatda amalga oshiriladi. Qatnov vaqti 1 soat 30 daqiqani tashkil etadi. Soʻnggi qatnov soat 20:30 da Chorbogʻ tomondan amalga oshiriladi va soat 22:00 da Mashinasozlar metrosida tugatiladi.

Yoʻnalishdagi avtobuslar oʻz harakatini Mashinasozlar metrosidan boshlab, Maxtumquli koʻchasi, Yangi Oʻzbekiston bogʻi, Hojikent mavzesi, Chinorkent maskani orqali Xumson qoʻrgʻonigacha harakatlanadi.

Yoʻnalishda naqd pulda va bank kartalari orqali toʻlov amalga oshirish imkoniyati mavjud.