Choʻllanishga qarshi kurashning Xitoy tajribasi Navoiyda

Navoiy viloyatida xitoylik hamkorlar ishtirokida investitsiyaviy loyihalar ulushi yildan yilga oshib, bunda hududiy rahbarlarning XXRga qilgan amaliy safarlari samaradorligi alohida ahamiyatga ega. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Ayni kunlarda viloyat hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib ushbu safar doirasida G2B va B2B formatidagi muzokaralar oʻtkazildi hamda bir qator sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlik kelishuvlari imzolandi.

Dastlab delegatsiya Pekin shahrida Sinoma International Engineering Co., Ltd xalqaro kompaniyasi boshqaruv raisi Men Sinlin tomonidan qabul qilinib, tomonlar oʻzaro manfaatli bir qator loyihalar muhokama qilishdi. Xitoy kapitali asosida yirik ishlab chiqarish obyektlarini tashkil etish orqali ish oʻrinlarini koʻpaytirish, infratuzilmani yaxshilash borasidagi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha muzokaralar samarasi oʻlaroq Navoiy viloyatida energiya tejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Shu kuni delegatsiya Xitoyning Tyanszin shahrida boʻlib oʻtgan Tyanszin ishbilarmon doira vakillari forumida ishtirok etdi.

Oltmishdan ortiq xitoylik hamkorlar qatnashgan ushbu tadbirda Tyanszin shahrida Navoiy viloyatining vakolatxonasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Jarayonda xitoylik tadbirkor Lui Vey vakolatxonaning masʼul vakili etib tayinlandi.

Delegatsiya safarining navbatdagi kunida Xitoy Xalq Respublikasining Ninsya-Xuey viloyatida “Bayszitan” milliy tabiat qoʻriqxonasida choʻllanishga qarshi kurashish tajribasi bilan tanishdi. Zamon moʻjizasi — ushbu qoʻriqxonada barpo etilgan 40 ming gektar maydondagi himoya tasmalari, 66,7 ming gektar hududdagi koʻchma qumlarni nazoratga olish imkonini beradi.

— Ninsya tajribasining eʼtiborli jihati choʻllanishga qarshi kurashishning iqtisodiy faoliyatga aylantirilganidir, — deydi Navoiy viloyati hokimi oʻrinbosari Elbek Gʻafforov. — Yaʼni, qum hududlarida issiqxona, qishloq xoʻjaligi, ekologik oʻrmonchilik, mevalar, qurilish materiallari, dorivor oʻsimliklar, yangi energiya va choʻl turizmini qamrab olgan 7 ta yetakchi tarmoq shakllangan.

Olib borilgan muzokaralar natijasiga koʻra endi Ninsya tajribasi Navoiy viloyatida ham sinab koʻriladi. Oddiy koʻchat ekish amaliyoti emas, balki muhandislik yechimlari, yerdan foydalanish tartibi, ekologik tiklanishni iqtisodiy faollik bilan bogʻlashning kompleks namunasi shakllantiriladi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ushbu tajribaning moslashtirilishi choʻllanishni sekinlashtiribgina qolmay, unumdor yerlarning koʻpayishi va aholi daromadining ortishiga ham xizmat qiladi. Shuningdek, Xitoy-Markaziy Osiyo choʻllanishga qarshi kurashish markazida boʻlgan delegatsiya choʻllanishga qarshi samarali yechimlar, iqlim sharoitlariga mos oʻsimliklar, Markaziy Osiyo choʻllaridan olib kelingan tuproqlar tahlili va ularda yetishtirishi mumkin boʻlgan oʻsimlik turlari bilan ham tanishdi.

Safar doirasida delegatsiya Ninsya-Xuey avtonom rayoni partiya qoʻmitasi kotibi janob Li Ifey bilan muzokaralar oʻtkazib, Navoiy viloyatida choʻllanishga qarshi kurash markazini tashkil etish, shuningdek, ushbu soha mutaxassisini viloyat hokimi maslahatchisi sifatida tayyorlash boʻyicha kelishuvlarga erishdi.

Delegatsiya Xitoy safarining uchinchi kunida Fuszyan provinsiyasi Fudjou shahrida provinsiya gubernatori janob Chjao Lun tomonidan qabul qilindi. Tomonlar raqamlashlashtirish, qurilish materiallari tarmogʻi, kimyo sanoati yoʻnalishlarida hamkorlik aloqalarini olib borishga kelishib olishdi. Jarayonda Xitoyning “Qunfeng” va “KOMOO” kompaniyalari faoliyati bilan ham tanishildi.

Delegatsiya yana bir muhim manzil — tosh sanoati uchun kadrlar tayyorlashning asosiy platformasi Nanan shahar hokimligi va Xuasyao universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan ilmiy-intellektual tadqiqot markazida boʻldi. Ushbu Markaz bilan aloqalar mustahkamlanib, navoiylik mutaxassislar bilan tajriba almashish va kadrlar almashinuvini yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

Mazkur tashrifning eng muhim yangiliklardan biri Nanan shahridagi Shuytou tosh koʻrgazma-savdo maydoni hududidan Navoiy viloyati uchun alohida maydon ajratilib, ushbu koʻrgazma-savdo maydonining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Endilikda Xitoyda viloyatning oʻz koʻrgazma-savdo maydoni faoliyat yuritadi. Bu yerda Navoiyda ishlab chiqarilayotgan marmar va granit toshlari namoyish etiladi va elektron savdo platformasi orqali butun dunyoga sotiladi.