11
11

“Navoiy uran” korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro sertifikatga ega boʻldi

“Navoiy uran” davlat korxonasida korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini xalqaro standartlar talablari asosida takomillashtirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, korxonada ISO 37001:2025 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” xalqaro standarti joriy etilganligi toʻgʻrisidagi sertifikat qoʻlga kiritildi.

— Mazkur tizimni joriy etish doirasida korxona faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va ularni bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratildi, — deydi “Navoiy uran” DK Kompleans xizmati boshligʻi Alisher Mustafoyev. — Shu maqsadda joriy yilning oʻtgan davrida korxona faoliyatining 240 ta funksiyasi tahlil qilinib, ulardagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar darajasi baholandi.

Aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish va ularning oldini olish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar va dasturlar ishlab chiqilib, ularning oʻz vaqtida va samarali ijro etilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatildi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, xodimlarning korrupsiyaga murosasiz munosabatini shakllantirish, manfaatlar toʻqnashuvi va boshqa korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olishga qaratilgan ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.

Taʼkidlash joiz, “Navoiy uran” DKda ilgariroq ISO 37301:2021 “Komplayens menejment tizimi” xalqaro standarti ham joriy etilgan edi. Ushbu standartlarning joriy etilishi korxonada korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro talablarga asoslangan samarali boshqaruv tizimi shakllanayotganining muhim koʻrsatkichidir.