Chunonchi, Navoiy viloyati ham sanoat salohiyati bilan birga qadimiy tarix, boy madaniy meros, betakror tabiiy landshaftlar, sahro va togʻlarga ega boʻlib, yangi turistik majmualar, dam olish maskanlari, mehmon uylari, ekoturistik yoʻnalishlar va servis obyektlarining barpo etilishi sayyohlarga qulaylik yaratish bilan birga, xususiy sektorda yangi gʻoyalarni amalga oshirishga zamin hozirlamoqda.
— Joriy yilda viloyatimizda 64 ta yangi joylashtirish vositasi tashkil etilib, ularning umumiy soni 368 taga yetkazildi, — deydi Navoiy viloyat turizm boshqarmasi bosh mutaxassisi Xilola Hudoyberdiyeva. — Yil yakuniga qadar 246 milliard soʻmlik 26 ta turizm loyihasini amalga oshirish va 345 ta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan. Jumladan, Karmana tumanining Raboti Malik va Sardoba tarixiy obyektlar yaqinida yangi 8 million AQSH dollarlik zamonaviy ekoturistik majmuaning barpo etilishi hudud iqtisodiyotini oshirish imkonini beradi.
Qadimiy karvon yoʻli chorrahasida joylashgan Navoiy zaminida amalga oshirilgan eko loyiha endi yangi turistik marshrutlar, zamonaviy servis va tadbirkorlik tashabbuslari orqali yana bir bor sayohatchilar eʼtiborini oʻziga jalb etishga xizmat qilishi aniq. Ayni vaqtda majmuadagi qurilish, va bunyodkorlik ishlari nihoyasiga yetkazilib, pardozlash, nabotot olamini boyitish tadbirlari amalga oshirilmoqda. Bu jarayonga xorijlik mutaxassislar ham jalb etilgani, eko bogʻda oʻziga xos biologik muhitni yaratishga xizmat qilmoqda.
— Majmuamizda bir vaqtning oʻzida fudkortik va tropik zona yaratilmoqda, — deydi loyiha tashabbuskori Shohrux Gʻaniyev. — Shu maqsadda 100dan oshiq tropik mevali daraxt koʻchatlari keltirilib, oʻtqazildi. Bundan tashqari dam olish zonalarining tashkil etilishi va boshqa qoʻshimcha xizmat turlarini taklif etish orqali qariyb uch yuzta yangi ish oʻrni yaratilmoqda.
Davlat tomonidan turizmni rivojlantirishga qaratilgan oʻzgarishlar viloyatda sayyohlik infratizimi yaxshilanishi bilan birga hududning qadim tarixi, milliy qadriyatlari, fusunkor tabiati kabi ulkan salohiyatini roʻyobga chiqarishda xizmat qilishi tayin. Shu bilan birga “Qadimiy karvonlar yoʻli” gʻoyasi asosida tarixiy obidalar, ziyoratgohlar, tabiiy maskanlar, etnografik qishloqlar va zamonaviy turistik majmualarni yagona marshrutga birlashtirish Navoiy turizmining oʻziga xos yoʻnalishiga aylanib, bunda sayyoh bir kun davomida faqatgina bitta obyektni emas, balki hududning tarixi, tabiati, madaniyati va hozirgi oʻzgarishlardan xabardor boʻladi.