Navoiy viloyatida jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi

Majlisda Konimex tumanida 2025-yil 4-iyun kuni oʻtkazilgan sayyor majlisda korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida belgilangan vazifalar ijrosi tanqidiy-tahliliy asosda muhokama qilindi.

Xususan, yoshlar oʻrtasida korrupsiyaga qarshi madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan tanlovlarni tashkil etish, ortiqcha hashamat, dabdababozlik va isrofgarchilikning oldini olish boʻyicha targʻibot ishlarini kuchaytirish, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarini rotatsiya qilish hamda umumtaʼlim maktablarida Face ID tizimini joriy etish yuzasidan belgilangan vazifalarning bajarilishi tanqidiy koʻrib chiqildi.

Muhokama davomida mahalliy Kengashlar tomonidan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va bartaraf etish, mahalliy byudjet mablagʻlarining shakllantirilishi va sarflanishi ustidan taʼsirchan deputatlik nazoratini kuchaytirish zarurligi alohida taʼkidlandi.

Shuningdek, belgilangan vazifalar ijrosida kamchiliklarga yoʻl qoʻygan tashkilotlar hamda ular rahbarlari faoliyatiga xolis baho berish, aniqlangan muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, shuningdek, Konimex tumanini korrupsiyadan xoli hududga aylantirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ijrosi ustidan tizimli nazoratni taʼminlash boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Tadbir yakunida hududiy kengashlar va masʼul tashkilotlarga korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligini yanada oshirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Milliy kengashga muntazam axborot berib borish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.

Tashrif doirasida Zarafshon shahar ichki ishlar boʻlimi huzuridagi situatsion markaz faoliyati ham koʻzdan kechirildi. Markazda zamonaviy kuzatuv kameralari orqali shahardagi jamoat tartibi va xavfsizligi ustidan uzluksiz monitoring olib borilmoqda. Bu esa huquqbuzarliklarni erta aniqlash, ularning oldini olish va tezkor choralar koʻrish imkoniyatini yaratadi.

Raqamli texnologiyalarni keng joriy etish huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish hamda jamoat xavfsizligini mustahkamlashning muhim omillaridan biri ekani taʼkidlandi.