Qoʻqon universitetida yoshlar siyosati va zamonaviy taʼlim masalalariga bagʻishlangan respublika seminari oʻtkazildi

Qoʻqon universitetida yoshlar siyosati, zamonaviy taʼlimni rivojlantirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini kengaytirishga bagʻishlangan respublika seminari boʻlib oʻtdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Yuzma-yuz muloqot davomida joriy yil 24-fevral kuni Prezidentimiz raisligida yangi avlod tashabbuslarini ragʻbatlantirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.

Tadbirda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari Ilhom Sirojev, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov hamda Fargʻona viloyati hokimligi masʼullari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbari oʻz nutqida Qoʻqon universitetida zamonaviy asbob-uskunalar, texnika va laboratoriyalar bilan jihozlangan 400 oʻrinli oʻquv markazi ishga tushirilganini alohida qayd etgan edi. Ushbu markazda ehtiyojmand oilalar farzandlarini dasturlash, sunʼiy intellekt va robototexnika yoʻnalishlarida olti oylik bepul kurslarda oʻqitish rejalashtirilgan. Mazkur tashabbus orqali yiliga 5 ming nafardan ziyod uyushmagan yoshlarni zamonaviy bilimlar bilan qamrab olish imkoniyati yaratiladi.

Seminarda ushbu vazifalarni respublika miqyosida amaliy bosqichga olib chiqish, qamrovni kengaytirish va hududlarda mazkur tajribani ommalashtirish masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.

— Ayni paytda universitetda Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda Fargʻona viloyati hokimligi bilan hamkorlikda yoshlarni dasturlash, sunʼiy intellekt, robototexnika va aniq fanlar boʻyicha bepul oʻqitishga moʻljallangan maxsus kurslar tashkil etilmoqda, — deydi Qoʻqon universiteti prorektori Zebo Qobilova. — Bugungi tadbir doirasida universitet huzurida 400 oʻrinli “Yoshlar IT akademiyasi” tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, 1 ming 650 oʻrinli aniq fanlarga ixtisoslashgan oʻquv binolari barpo etildi, 200 ta zamonaviy kompyuter jamlanmasi oʻrnatildi. Robototexnika va fizika laboratoriyalari ilgʻor uskunalar bilan jihozlandi.

Istiqbolli loyiha doirasida har yili ming nafardan ziyod yoshlar dasturlash, sunʼiy intellekt, robototexnika, aniq fanlar va ingliz tili boʻyicha bepul taʼlim olishi rejalashtirilgan.

Yigʻilish yakunida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni toʻliq va samarali amalga oshirish, ehtiyojmand yoshlarni qamrab olish koʻlamini kengaytirish hamda hududlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.