Miroboddagi qurilish hududida yongʻin sodir boʻldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri hududida yongʻin sodir boʻlayotgani toʻgʻrisida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi maʼlumot berdi.

Unda aytilishicha, bugun, 1-mart kuni soat 17:23 da Toshkent shahri Mirobod tumani, Abu Banokatiy koʻchasida joylashgan, qurilish hududida konteynerda yongʻin sodir boʻlgan.

Mazkur vaziyat yuzasidan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga murojaat kelib tushgan. Aytilgan manzilga qutqaruv ekipajlari soat 17:30 da yetib borib, yongʻin soat 17:33 da qurshab olingan va soat 17:35 da toʻliq oʻchirilgan.

Boshqarma maʼlumotlariga koʻra, yongʻin natijasida tan jarohati olganlar aniqlanmagan. Holat oqibatida konteyner ichida 15 kv.m maydonda oʻrin koʻrpa yonib zararlangan.