Qoʻqon shahrida turizm koʻchalari boʻyicha loyiha ishlariga kirishildi

Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan Qoʻqon shahridagi turizm koʻchalarida zamonaviy mezonlar asosida keng koʻlamli saʼy-harakatlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Shu maqsadda har bir hudud kesimida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, loyihada belgilangan ishlarni bajarishga kirishildi. Qoʻqon shahar hokimligi masʼullari “Isfara guzar” mahallasida mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hamda aholi vakillari bilan yuzma-yuz muloqot oʻtkazdi.

—Turizm marshrutlari boʻylab joylashgan har bir koʻchani Toshkent shahri, Olmazor tumanidagi Zarqaynar koʻchasi misolida milliy koʻrinishga keltirish maqsad qilingan,—deydi Qoʻqon shahar hokimligi mutaxassisi Rahmatjon Moʻsayev.—Shu bois bu kabi uchrashuvlarda aholiga xonadonlaridan turizm infratuzilmasi obyekti sifatida foydalanishi uchun shart-sharoit yaratish masalalari muhokama etilmoqda. Ayni jarayonda oʻz xonadonida tadbirkorlik, hunarmandchilik faoliyatini yoʻlga qoʻyish istagidagi aholi vakillari tashabbusi qoʻllab-quvvatlanadi.

Birinchi bosqichda turizm marshrutidagi koʻchalarda 100 metr uzunlikda namunaviy maskanlar – xizmat koʻrsatish va servis shoxobchalari yaratiladi. Shu asosda qolgan barcha koʻchalar ham yagona arxitekturaviy yechim boʻyicha yangicha koʻrinishga keltiriladi.

Shuningdek, amaliy ishlar doirasida milliy hunarmandchilik ustaxonasi, suvenirlar doʻkoni hamda milliy oshxona tashkil etish niyatida boʻlgan hamyurtlarga loyihalarini hayotga tatbiq etishga koʻmaklashiladi. Ziyorat, gastronomik turizmni rivojlantirish orqali ushbu koʻchalarda yashovchi aholi doimiy daromad manbai bilan taʼminlanadi.

Aytish joiz, bugungi kunga qadar turistik manzilda joylashgan xonadonlarda 25 ta mehmon uylari, 48 ta suvenir va hunarmandchilik savdo uylari, 8 ta ovqatlanish shoxobchalari hamda 20 dan ortiq boshqa turdagi xizmat koʻrsatish manzillarini tashkil etish istagi bildirildi.

Yangi turizm marshrutlarini tashkil etish natijasida Qoʻqonda sayyohlar oqimini ikki barobarga oshirish, shaharda qolish davrini 3-4 kunga uzaytirishga erishiladi. Buning samarasi sifatida yillik eksport hajmi 100 million dollardan oshiriladi.