Bugun – 27-sentyabr, Butunjahon turizm kuni. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston turizm sohasi xodimlariga yoʻllagan tabrigini matbuot kotibi Sherzod Asadov oʻqib eshittirdi.
Qutlovda ochiqlik siyosati, viza tartibining soddalashtirilishi, transport va mehmonxona infratuzilmasining kengayishi turizm rivojiga kuchli turtki bergani taʼkidlangan. Jumladan, 2025-yilda yurtimizga qariyb 12 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgani, bu yutuqlar zamirida sohada mehnat qilayotgan minglab insonlarning mashaqqatli mehnati turgani qayd etilgan.
Tabrikda Xiva, Samarqand, Qoraqalpogʻiston va boshqa hududlarda yangi sayyohlik maskanlari va yoʻnalishlarini rivojlantirish, turizm xizmatlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish rejalari bayon qilingan. Maqsad – Oʻzbekistonni dunyoning eng mashhur turizm markazlaridan biriga aylantirish.
Shuningdek, soha xodimlari mehnatini munosib eʼtirof etish uchun “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan turizm xodimi” faxriy unvonini taʼsis etish taklifi ilgari surilgan. Qutlov turizm sohasi vakillariga baxt-saodat va faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tilaklari bilan yakunlandi.