2026-yil 15-sentyabrdan eʼtiboran Oʻzbekiston fuqarolari uchun Tailandga kirish qoidalari oʻzgaradi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati.
14-sentyabrgacha (shu kuni ham) 60 kunlik vizasiz rejim amal qilishda davom etadi. 15-sentyabrdan boshlab vizasiz kirish qoidasi, shuningdek, mamlakatga kelgach viza olish imkoniyati bekor qilinadi.
Tailandga sayyohlik maqsadida kirish uchun Oʻzbekiston fuqarolari vizani oldindan rasmiylashtirishlari kerak boʻladi.
— HY531 reysi yoʻlovchilariga alohida eʼtibor: Toshkentdan uchish 14-sentyabr kuni amalga oshiriladi, ammo Bangkokka qoʻnish 15-sentyabrga rejalashtirilgan — ushbu reys yoʻlovchilari allaqachon yangi viza talablari ostiga tushadilar, — deyiladi xabarda.
Viza olish uchun arizani uchishdan oldin, jumladan, thaievisa.go.th rasmiy tizimi orqali topshirish mumkin.
— Saytda yigʻimlarni onlayn toʻlash nazarda tutilmagan. Toʻlov Tailandning eng yaqin konsulligida AQSH dollarida (USD) amalga oshiriladi, — deyiladi xabar matnida.
Fuqarolar reysga roʻyxatdan oʻtishda yoki mamlakatga kirishda rad etish holatlarining oldini olish uchun sayohatlarni rejalashtirish va aviachiptalarni xarid qilishda ushbu oʻzgarishlarni hisobga olishga chaqirildi.