Ijtimoiy tarmoqlarda Yashnobod tumanida joylashgan 69-sonli maktabning 8-sinf oʻquvchisi tegishli hujjatlarsiz avtomashina boshqargani haqidagi xabarlar keng tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar bosh boshqarmasi YHXB maʼlumot berdi.
Unda aytilishicha, vaziyat nazoratga olinib, Toshkent shahar IIBB YXHB xodimlari tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan hamda voyaga yetmagan shaxs va uning otasi bilan profilaktik suhbat oʻtkazilgan.
Sodir etilgan huquqbuzarlik holati boʻyicha voyaga yetmagan shaxsning otasiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatni bajarmaslik) maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Hozirda avtomashina vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.
“Barcha ota-onalardan voyaga yetmagan farzandlariga avtomashina boshqaruvini ishonib topshirmasliklarini va ularni taʼlim va tarbiyasi bilan muntazam masʼuliyat bilan yondashib nazorat qilib borishlarini soʻrab qolamiz”, — deyiladi xabarda.