Davlat tibbiy sugʻurtasi hisobidan yarim yilda qariyb 1,5 million bemor davolandi

2026-yilning yanvar–iyun oylarida Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 1 million 490 ming 126 nafar bemorga shifoxona sharoitida tibbiy xizmat koʻrsatildi. Bu haqida Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumot berdi.

Bildirilishicha, tibbiy xizmat koʻrsatish uchun tibbiyot muassasalariga 752,6 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Mazkur mablagʻlar minglab oilalarning davolanish bilan bogʻliq xarajatlarini davlat hisobidan qoplash imkonini bergan.

Hududlar kesimida eng katta mablagʻ Samarqand viloyatiga — 105,6 milliard soʻm, Qashqadaryo viloyatiga — 93 milliard soʻm va Fargʻona viloyatiga — 74,2 milliard soʻm yoʻnaltirilgan.

Hisobotda keltirilishicha, davlat tibbiy sugʻurtasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish hajmi oyma-oy oʻsib borgan. Iyun oyida eng yuqori koʻrsatkich qayd etilib, tibbiyot muassasalariga 155,7 milliard soʻm ajratilgan. Shu oyda shifoxonada davolangan bemorlar soni ham 303,7 ming nafarga yetgan.