Arusha shahrida Parlamentlararo ittifoqning 153-Assambleyasi doirasida Sogʻliqni saqlash masalalari boʻyicha qoʻmita yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi vakili, Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim, sogʻliqni-saqlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Oral Ataniyazova ishtirok etib, qoʻmitaning faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqish jarayonida qatnashdi.
Yigʻilishda xalqaro moliyalashtirish hajmi qisqarayotgan sharoitda reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish, onalik va bolalikni qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Mazkur yoʻnalishlardagi dasturlarning barqaror amalga oshirilishini taʼminlash uchun qonunchilik asoslarini mustahkamlash va byudjet mablagʻlarini koʻpaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Muhokamada sogʻliqni saqlash sohasidagi ustuvor dasturlarni samarali amalga oshirishda parlamentlarning qonunchilik va moliyaviy qoʻllab-quvvatlashi muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.