11
11

Oʻzbekistonlik tibbiyot mutaxassislari Janubiy Koreyada malaka oshiradi

Oʻzbekistonlik tibbiyot mutaxassislari Janubiy Koreyadagi Seul milliy universitetining Bundang shifoxonasida stajirovka oʻtab, ilgʻor tibbiy tajribalarni oʻrganadi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Dastur doirasida shifokorlar kardiologiya, jarrohlik, nevrologiya, nefrologiya, diagnostika, radiologiya va boshqa tibbiy yoʻnalishlarda tajriba orttiradi. Shuningdek, tibbiyot muassasalarini boshqarish, bemorlar xavfsizligi, farmatsevtika, hamshiralik va tibbiy xizmat sifatini taʻminlash boʻyicha ham malaka oshirish imkoniyati mavjud.

Stajirovka tibbiyot mutaxassislari uchun 4–6 oy, hamshiralar uchun esa 20 kun davom etadi. Dastur bilan bogʻliq xarajatlar Koreya Respublikasi tomonidan qoplanadi.

Nomzodlar belgilangan jadvalni toʻldirishi, maʼlumotnoma va mutaxassisligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi lozim. Ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi hujjat mavjud boʻlsa, uni ham ilova qilish mumkin.

Nomzodlarga qoʻyiladigan malakaviy talablar bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin. Hujjatlar lola.badalova@ssv.uz elektron pochtasi orqali yuboriladi.