11
11

Oʻzbekistonda qizamiqning ogʻir asoratini erta aniqlash va davolash choralari kuchaytirilmoqda

Oʻzbekistonda qizamiqning ogʻir asoratlaridan biri — oʻtkir osti sklerozlashgan panensefalitni (SSPE) erta aniqlash va bemorlarga ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, qizamiq bilan kasallangan har 100 ming nafar bolaning 4–11 nafarida keyinchalik SSPE rivojlanishi mumkin. Hozirda kasallikni tashxislash va davolash imkoniyatlari kengaytirilib, Bolalar milliy tibbiyot markazi hamda hududlardagi bolalar tibbiyot markazlarida bemorlar uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

Shuningdek, 2026-yil boshidan Bolalar milliy tibbiyot markazida SSPE bilan kasallangan bemorlarni Ommaya rezervuari orqali davolash usuli joriy etilgan. Bemorlarni davolash va reabilitatsiya qilish boʻyicha nevrolog, virusolog va immunologlar ishtirokida chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Ushbu yondashuvlar markazdan tashqari 13 ta hududda ham qoʻllanmoqda.

Mutaxassislar kasallikni davolash murakkab ekanini taʼkidlab, uning oldini olishda bolalarni qizamiqqa qarshi oʻz vaqtida emlash muhimligini qayd etmoqda. Shu bilan birga, kasallikni erta aniqlash va tashxislash imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha hududlarda tibbiyot xodimlari uchun oʻquvlar tashkil etilmoqda.