11
11

Oʻzbekistonda oʻta xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish choralari kuchaytirildi

Rossiyaning Irkutsk viloyatida oʻta xavfli yuqumli kasallikka gumon qilingan holat qayd etilgani haqidagi xabarlardan soʻng Oʻzbekistonda kasalliklarning mamlakat hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish choralari kuchaytirildi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi maʼlum qildi.

Qoʻmita xabariga koʻra, hozirda Rossiyaning vakolatli idoralari hamda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining rasmiy manbalari orqali vaziyat muntazam kuzatib borilmoqda. Jumladan, kasallik tashxisining laboratoriyada tasdiqlangani yoki tasdiqlanmagani, ehtimoliy yuqish manbai va yoʻllari, bemorning harakatlanish yoʻnalishi hamda u bilan muloqotda boʻlgan shaxslarga oid maʼlumotlar oʻrganilmoqda.

Ayni paytda Oʻzbekiston hududiga oʻta xavfli yuqumli kasalliklarning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha tegishli xizmatlarning tayyorgarligi kuchaytirilgan.

Fuqarolardan esa tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslik va vaziyatga oid maʼlumotlarni faqat rasmiy manbalar orqali kuzatib borish soʻraldi. Epidemiologik vaziyatda oʻzgarishlar kuzatilsa, jamoatchilikka belgilangan tartibda qoʻshimcha axborot beriladi.