Toshkentda yuz bergan yongʻinda ayol va uning ikki farzandi halok boʻldi

Kecha, 16-fevral kuni Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Beltepa koʻchasida joylashgan shaxsiy xonadonda yirik yongʻin sodir boʻlgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur hodisa oqibatida 3 kishi halok boʻlgani, 1 kishi tan jarohati olgani maʼlum boʻldi. Bu haqda “Millar” koʻrsatuvida xabar qilindi.

Qayd qilinishicha, Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga ushbu baxtsiz hodisa haqidagi xabar 16-fevral kuni soat 20:51 da kelib tushgan. Murojaatga asosan yongʻin qutqaruv ekipajlari manzilga soat 20:54 da yetib borib, 21:29 da alangani qurshab olgan hamda 21:38 da toʻliq oʻchirgan.

Yongʻin oʻchirilganidan soʻng, uy ichida uch nafar fuqaroning jasadi aniqlangan. Shuningdek, kuyish tan jarohatlari olgan yana bir kishi tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan. Manbaga koʻra, vafot etganlar ona va uning voyaga yetmagan ikki farzandi boʻlgan.

Hozirda mazkur holat boʻyicha tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.