Toshkent shahrida joylashgan “Askiya” dehqon bozorida yongʻin xavfsizligi talablariga rioya etilmagani sababli bozor faoliyati vaqtincha toʻxtatildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, poytaxtdagi qator bozorlar va savdo obyektlarida davlat yongʻin nazorati doirasida oʻtkazilgan tekshiruvlarda yongʻin xavfsizligi qoidalari qoʻpol ravishda buzilgani aniqlangan.
Xususan, Yakkasaroy tumanida joylashgan “Askiya” dehqon bozorida aniqlangan kamchiliklar bozorning umumiy holati belgilangan talablarga javob bermasligini koʻrsatgan. Shu sababli obyekt elektr taʼminotidan uzilib, uning ish faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan.
Shuningdek, tekshiruvlar davomida Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Navroʻz” dehqon bozori, Bektemir tumanidagi “Midstroy servis” MCHJ, “Qoʻyliq” qurilish bozori, Chilonzor tumanidagi “Tashkent trade center” MCHJ, “Abu Saxiy” bozori hamda Uchtepa tumanidagi “Farhod” dehqon bozorining ayrim hududlarida ham qoidabuzarliklar aniqlangan. Ushbu obyektlarda kamchilik kuzatilgan boklari elektr energiyasidan vaqtincha ajratilgan. “Oʻrikzor” savdo kompleksining 9 ta bloki ham vaqtincha elektr taʼminotidan uzilgan.
“Aniqlangan barcha kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin elektr taʼminoti qayta tiklanadi va obyektlar faoliyatini davom ettiradi”, deyiladi FVV xabarida.