Joriy yilning 14-fevral kuni Senatda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining respublika bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva kirish soʻzi bilan ochib berdi.
“Gender tenglik faoli” milliy tanlovi Xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini mustahkamlash, gender tenglik hamda oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi tashabbusi bilan har yili anʼanaviy ravishda tashkil etib kelinmoqda.
Tanlovning asosiy maqsadi tashkilotlarda gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan samarali siyosatni yoʻlga qoʻyish, ilgʻor tajribalarni aniqlash va keng ommalashtirish, shuningdek, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
Qayd etilganidek, gʻolib deb topilgan tashkilotlarda xodimlarning oʻrtacha 30–50 foizini ayollar tashkil etadi, 60 nafar ayol rahbarlik lavozimida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 10 mingdan ziyod ayollar xodimlar kasbiy salohiyatini oshirish kurslariga jalb etilib, 13 mingdan ortiq ayollarni qoʻllab-quvvatlash uchun 2,1 trln soʻm mablagʻ ajratilgan.
“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol respublika tashkiloti” – Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Markaziy bank, “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ;
“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol hududiy tashkilot” – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti;
“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol tuman (shahar) tashkiloti” – Surxondaryo viloyati Uzun tumani Axborot-kutubxona markazi;
“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol hokimlik” – Fargʻona shahar hokimligi, Guliston tumani hokimligi;
“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol nodavlat notijorat tashkiloti” –“Mehrimiz sizga” ayollar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy huquqiy qoʻllab-quvvatlash markazi va “MILLENNIUM” nogiron yoshlarning ijtimoiy-huquqiy tiklanish markazi;
“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol tadbirkorlik subyekti” – “MIRZO BOSHI” oilaviy korxonasi va “Safia” qandolat uyi;
“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol ommaviy axborot vositasi”– Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Oʻzbekiston 24” teleradiokanali va “Mahalla” gazetasi.
Gʻolib tashkilotlar tomonidan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan 10 ga yaqin loyiha amalga oshirilgani qayd etildi. Ayniqsa, bu yoʻnalishda nodavlat notijorat tashkilotlar faolligi alohida eʼtirof etildi.
Kelgusida tanlov doirasida mahallalar ishtirokini yanada kengaytirish va “Gender tenglikni taʼminlashda eng faol mahalla” nominatsiyasini joriy etish rejalashtirilmoqda.