Joriy yilning 13-fevral kuni boʻlib oʻtgan Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi majlisida bir qator muhim masalalar koʻrib chiqildi.
Oliy Majlis Senatining 9-yalpi majlisida koʻrib chiqilgan va rad etilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholiga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmiga kiradigan xizmatlarni koʻrsatish, shuningdek tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining kasbiy faoliyatini amalga oshirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunga, jumladan, uning takomiliga yetkazilgan normalariga eʼtibor qaratildi.
Ushbu Qonun bilan “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida qoʻshimcha xizmatlar hisoblanadigan tibbiy yordam turlari belgilanishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Shuningdek, davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan shaxslar tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga ega boʻlishi nazarda tutilmoqda.
Ushbu Qonun fuqarolarga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi davlat hisobidan koʻrsatilishini taʼminlashga hamda ularning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Kun tartibidagi ikkinchi masala – “Farmatsevtika faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun boʻlib, u bilan hujayra texnologiyasi asosidagi biotexnologiya vositalarining muomalasi qonunchilik bilan tartibga solinmaganligi sababli respublikamizda hujayra terapiyasini yoʻlga qoʻyishning huquqiy asoslarini yaratish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek mahsulotlarni tibbiy buyum va tibbiy texnika toifasiga ajratishda aniq mezonlar mavjud emasligi sababli tibbiy buyumni va tibbiy texnikani davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida ularning taʼriflarini xalqaro talablar bilan muvofiqlashtirish zarurligi belgilab qoʻyilmoqda.
Qonun mahalliy farmatsevtika korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga, sohaga texnologiyalar transferini joriy etishga, sogʻliqni saqlash amaliyotida hujayra texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan biotexnologiya vositalarini qoʻllashga hamda tibbiy buyumlar importi va eksporti hajmlarini oshirishni ragʻbatlantiradi.
Muhokama yakunlari boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.