Joriy yilning 10-fevral kuni Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2025-yildagi faoliyati yuzasidan axboroti eshitildi.
Soʻzga chiqqanlar oʻtgan yil davomida mamlakat tashqi siyosatini amalga oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida milliy manfaatlarni faol ilgari surish, xorijdagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, xorijiy investitsiyalar, eksport, turistlar hajmini oshirish, yangi transport yoʻlaklarini rivojlantirish borasidagi ishlarga eʼtibor qaratdi.
Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrida Oliy Majlis va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasi hamda joriy yil 15-yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bagʻishlangan videoselektorda tashqi aloqalarni yanada rivojlantirish, milliy manfaatlarini faol ilgari surish, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish boʻyicha ustuvor vazifalarni oʻz vaqtida bajarishga alohida urgʻu berildi.
Dunyo miqyosida murakkab geosiyosiy vaziyatga qaramasdan, Prezidentimiz tomonidan belgilangan ochiq, pragmatik va tashabbuskor tashqi siyosatni izchil amalga oshirish natijasida Oʻzbekiston xalqaro maydonda ishonchli va nufuzli hamkor sifatida oʻz oʻrnini mustahkamlab borayotgani qayd etildi.
Jumladan, 2025-yilda 26 ta xorijiy davlatga oliy darajadagi tashriflar amalga oshirilganligi, qator davlatlar rahbarlarining Oʻzbekistonga tashriflari tashkil etilganligi, “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi koʻp tomonlama muloqotlar sermahsul oʻtganligi, strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatilgan davlatlar soni 19 taga, diplomatik aloqa oʻrnatilgan davlatlar soni esa 165 taga yetganligi qayd etildi.
Senatorlar Oʻzbekistonning xalqaro nufuzini yanada oshirish, tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, fuqarolarimiz manfaatlarini faol himoya qilish, xorijiy investitsiyalar oqimini oshirish, mamlakat eksport salohiyatini oshirishda amaliy natijadorlikka erishish yuzasidan oʻz taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Muhokama yakunlari boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.