Ultra qayta ishlangan oziq-ovqatlarga boy parhez yurak-qon tomir kasalliklari xavfini sezilarli darajada oshirishi mumkin. Bu haqda Florida Atlantika universiteti qoshidagi Charlz Shmidt nomidagi tibbiyot kolleji olimlari tomonidan chiqarilgan xulosada maʼlum qilindi.
Ultra qayta ishlangan oziq-ovqatlar — bu shakar, yogʻ, tuz, kraxmal va kimyoviy qoʻshimchalar, jumladan, emulsifikatorlar va xushboʻylashtiruvchilarga boy sanoatda ishlab chiqarilgan isteʼmol mahsulotlaridir. Ularga shakarli ichimliklar, gazaklar, kolbasalar, qayta ishlangan va tayyor oziq-ovqatlar kiradi. AQSHda bunday oziq-ovqatlar hozirda kattalar ratsionining taxminan 60, bolalar ratsionining 70 foizgacha qismini tashkil qiladi.
Mualliflar 2021–2023-yillardagi AQSH Milliy sogʻliqni saqlash va ovqatlanishni tekshirish tadqiqoti maʼlumotlarini tahlil qilishdi. Tadqiqotda 18 yoshdan oshgan 4787 nafar amerikalik kattalar ishtirok etdi, ular oʻzlarining ovqatlanish tartibi va yurak xuruji yoki insult tarixi haqida batafsil maʼlumot berishdi.
Ishtirokchilar ratsionidagi ultra qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarining ulushiga qarab toʻrt guruhga boʻlindi. Yoshi, jinsi, millati, daromadi va chekish holati hisobga olingandan soʻng, ultra qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarini eng koʻp isteʼmol qiladiganlar yurak-qon tomir kasalliklari xavfini ularni kamroq isteʼmol qiladiganlarga nisbatan 47 foiz yuqori ekanligi aniqlandi.
“AQSH aholisining katta, vakillik namunasiga asoslangan bizning topilmalarimiz shuni koʻrsatadiki, ultra qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarini koʻp isteʼmol qilish yurak xuruji va insult xavfining statistik va klinik jihatdan sezilarli darajada oshishi bilan bogʻliq”, — deydi tadqiqotning katta muallifi professor Charlz Xennekins.
Ultra qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilish ilgari semizlik, gipertenziya, lipid metabolizmi buzilishlari, insulin qarshiligi va surunkali yalligʻlanish — yurak-qon tomir kasalliklari uchun asosiy xavf omillari bilan bogʻliq edi.
“Gap faqat individual tanlov haqida emas. Sogʻlom oziq-ovqat oson va qulay alternativa boʻlgan muhitni yaratish muhimdir”, deb taʼkidladi Hennekins.
Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, ultra qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarini koʻp isteʼmol qilish nafaqat yurak-qon tomir kasalliklari bilan, balki, ayniqsa yoshlarda, yoʻgʻon ichak saratonining koʻpayishi bilan ham bogʻliq boʻlishi mumkin.
Mualliflar aniq xulosalar chiqarish uchun tasodifiy klinik tadqiqotlar zarur boʻlsada, shifokorlar allaqachon bemorlarga yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish boʻyicha saʼy-harakatlarining bir qismi sifatida ultra qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilishni kamaytirishni tavsiya qilishmoqda.