Betonning mustahkamligini oshiradigan mahsulot ishlab chiqariladi

Bugungi kunda uy-joy, infratuzilma obyektlari, sanoat korxonalari qurilishini beton mahsulotisiz tasavvur etish mushkul. Shuni hisobga olgan holda Janubiy Koreyaning “KP Global” kompaniyasi mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikda Kogon shahrida beton uchun plastifikator ishlab chiqarishga qaratilgan biznes loyihani amalga oshirmoqda. Bu haqda “Xalq soʻzi” nashri veb sayti xabar berdi.

“Buxoro sanoatni rivojlantirish kompleksi” maxsus sanoat parki hududida ish boshlashi kutilayotgan qoʻshma korxona 5 million AQSH dollari miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya evaziga barpo etilyapti. U ichki bozorda talab katta boʻlgan plastifikator ishlab chiqarishga ixtisoslashadi.

Ushbu xom ashyo kimyoviy qoʻshimcha boʻlib, betonni pishiq-puxta qilib tayyorlashda qoʻllaniladi. Plastifikator qoʻshilgan holda tayyorlangan beton konstruksiyalarning tashqi taʼsirga, jumladan, sovuqqa chidamliligi oshadi. Ekspluatatsiya muddati uzayadi. U beton tayyorlashdagi suv sarfini kamaytirishga ham xizmat qiladi. Koʻplab ish oʻrni yaratish imkonini beradigan bu loyihaning yana bir muhim jihati shundaki, qoʻshimcha kimyoviy modda import oʻrnini bosadi. Istiqbolda esa qoʻshma korxonaning viloyat eksport salohiyatini oshirishga ham hissa qoʻshishi kutilyapti.