Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga kompensatsiya turlari taqdim etiladi.

22.04.2024 00:00 O'zbekiston 4

Adliya vazirligi tomonidan qonunchilikdagi yangiliklar hamda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga yetkazish maqsadida bugun Milliy matbuot markazida «Qonunchilikda yangiliklar»ga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston milliy axborot agentligi tomonidan xabar qilindi.

L9YUldy74DfbQCDQqeLJK1dZ7zMxELZF_front

Unda Energetika vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, mutaxassislari, OAV vakillari hamda jamoatchilik faollari ishtirok etdi.  

Qayd etilishicha, tadbirda hafta davomida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, qonunchilikdagi yangiliklar, aholiga yaratib berilayotgan imkoniyatlar xususida ma’lumot berildi.

Mutaxassislar «Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori mazmun-mohiyatiga kengroq to‘xtaldi.  

Qarorga muvofiq, 2024-2025-yillarda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich o‘zgarish grafigi, 2024-yil 1-maydan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining «bazaviy me’yorlari», 2024-yil 1-maygacha yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari oshishini hisobga olgan holda minimal iste’mol xarajatlari qiymati qayta ko‘rib chiqiladi.

«Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalar, bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi oilalar, Yagona reestrga kiritilmagan, «mahalla yettiligi» xulosasi asosida aniqlanadigan qo‘shimcha ehtiyojmand oilalar uchun qo‘shimcha xarajatlarni qoplash bo‘yicha vaqtincha kompensatsiya joriy etiladi.  

Shuningdek, isitish mavsumida (noyabr–fevral oylarida) ehtiyojmand oilalarga kompensatsiya turlari taqdim etiladi. Jumladan, noyabr oyida 270 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam o‘tkazib beriladi.  

Elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha quyidagi miqdorlardagi iste’mol uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi: tabiiy gaz uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 250 kub metrgacha; elektr energiyasi uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 150 kVt soatgacha.