Angrenda turarjoy binosidagi yongʻinda bir kishi halok boʻldi

8-fevralga oʻtar kechasi Angren shahrida toʻrt qavatli turarjoy binosining eng yuqori qavatida joylashgan kvartirada yongʻin sodir boʻldi. Hodisa oqibatida bir nafar inson halok boʻlgani maʼlum qilindi. Bu haqda Oʻzbekiston FVV xabar berdi.

Yongʻin haqidagi xabar navbatchi qismga soat 23:19 da kelib tushgan. Oʻt oʻchiruvchilar 11 daqiqa ichida voqea joyiga yetib borib, binodagi barcha aholini evakuatsiya qilgan. Soat 23:57 da yongʻin lokallashtirilgan, 00:50 ga kelib esa toʻliq oʻchirilgan.

Keyinchalik vazirlik maʼlum qilishicha, voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar vaziri Azizbek Ikramov ham yetib kelgan. Jabrlanganlar soni boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot berilmagan.