Toshkentda yerusti metrosining fasadidagi suvoq avtomobil ustiga tushdi

Ushbu hodisa “Yer usti halqa” yoʻnalishining Qoʻyliq va Yangiobod bekatlari oraligʻida sodir boʻlgan.

“Toshkent metropoliteni” DUK
“Toshkent metropoliteni” DUK

Toshkent shahrida yer usti metro liniyasi ostida toʻxtab turgan avtomobil ustiga yuqoridan suvoq boʻlagi tushib ketdi. “Toshkent metropoliteni” DUK mazkur holat yuzasidan maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, ushbu hodisa “Yer usti halqa” yoʻnalishining Qoʻyliq va Yangiobod bekatlari oraligʻida sodir boʻlgan. Metro harakati davomida yuzaga keladigan tabiiy tebranishlar taʼsirida yuqori qismdagi metro yoʻli fasadining suvoq qismidan kichik boʻlak ajralib tushib, metro liniyasi ostida toʻxtab turgan avtomobilga yengil zarar yetgan.

Bildirilishicha, holat aniqlangan zahoti metropoliten xodimlari tomonidan mazkur hudud koʻzdan kechirilib, fasad qismi toʻliq taʼmirlanib, xavfsizlik choralariga oid qoʻshimcha nazorat ishlari olib borilgan.

“Metro inshootlari belgilangan texnik talablar va xavfsizlik meʼyorlariga muvofiq ravishda doimiy nazorat ostida saqlanadi”, deyiladi idora xabarida.

Shu bilan birga, haydovchilardan shaxsiy avtomashinalarini faqatgina ruxsat etilgan va belgilangan toʻxtash joylarida qoldirishlari soʻralgan.